Ushbu Ijtimoiy va siyosiy fanlar instituti (oliy taʼlim muassasasi)ning odob-axloq qoidalari (keyingi oʻrinlarda -Qoidalar) Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonuni (2020-yil 23-sentyabr, OʻRQ-637-son), Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi (2019-yil 8-oktyabr, PF-5847-son), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat oliy taʼlim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi qarori (2021-yil 24-dekabr, PQ-60-son), Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisida nizom” hamda boshqa qonun va qonunosti hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, oliy taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchi (keyingi oʻrinlarda–pedagog xodim), talabalari va boshqa xodimlari(keyingi oʻrinlarda- xodim, texnik, yordamchi) kasbiy odob-axloqining tamoyillari, normalari, taʼlim jarayoni va xizmatdagi xulq-atvorining asosiy qoidalari bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi.
Odob-axloq qoidalarini joriy etishdagi vazifalar quyidagilardan iborat:
oliy taʼlim muassasasi xodim, talaba va professor-oʻqituvchilari oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni amalga oshirish;
oliy taʼlim muassasasida zoʻravonlik, shafqatsizlik va hayosizlik kabi nomaqbul hatti-harakatlar bilan shugʻullanish va (yoki) targʻibot-tashviqot qilinishini oldini olish;
turli salbiy illatlar, yot boʻlgan gʻoya va qarashlar, ekstremizm, separatizm, fundamentalizm va “ommaviy madaniyat”ning taʼsir hamda xurujlarni targʻibot-tashviqot qilinishiga oid harakatlarni oldini olish;
mazkur nomaqbul xatti-harakatlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, bartaraf etish;
xodim va talaba fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini doimo hurmat qilish va himoya qilish koʻnikmasini shakllantirish va yuksaltirish;
oliy taʼlim muassasasida sogʻlom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish va rivojlantirish;
xodim va talaba tashqi koʻrinishga oid madaniyatni shakllantirish uchun sharoitlar yaratish;
oliy taʼlim muassasasining davlat va jamiyat hayotidagi hamda taʼlim tizimidagi nufuzi, obroʻ-eʼtiborini asrab-avaylash va yanada oshirish.
Ushbu Qoidalar oliy taʼlim muassasasining barcha xodim va talabalariga nisbatan tatbiq etiladi.
Mazkur Qoidalar qonuniylik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, vatanparvarlik, xizmat va oʻqish burchiga sodiqlik, adolat, halollik va xolislik, samaradorlik va tejamkorlik prinsiplariga asoslanadi.
Oliy taʼlim muassasasi xodim va talaba Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga soʻzsiz rioya qiladilar hamda oʻz xizmat va oʻqish majburiyatlarini lavozim yoʻriqnomalari, mehnat shartnomalari, mazkur Qoidalar, oliy taʼlim muassasasi Ichki tartib qoidalari hamda taʼlimga oid boshqa meʼyoriy hujjatlarga muvofiq bajaradilar.
Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari Oliy taʼlim muassasasining oliy qadriyati boʻlib hisoblanadi. Oliy taʼlim muassasasi xodim, talaba fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yoʻl qoʻymaydilar va bunday buzilishlar roʻy bergan hollarda ularni tiklashga koʻmaklashadilar.
Oliy taʼlim muassasasi xodim, talaba oʻz oʻqish va xizmat faoliyatlarini maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar, Vatanga sadoqat, xizmat va oʻqish burchiga sodiqlik asosida jamiyatning oliy taʼlim muassasasiga boʻlgan talabi va ishonchini ifodalagan holda amalga oshiradilar. Xodim va talabalar oʻz oʻqish va xizmat burchlarini oʻzaro xayrixohlik, oʻz manfaatlari va mafkuraviy qarashlaridan qatʼiy nazar lozim darajada bajaradilar.
Oliy taʼlim muassasasi xodim va talaba oʻz xizmat va oʻqish faoliyatlarini amalga oshirishda adolatli, halol va xolis boʻlishlari hamda oliy taʼlim muassasasiga, unga tegishli boʻlgan saytlar va ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qilgan barcha yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan ushbu prinsip talablari asosida munosabatda boʻlishlari shart.
Oliy taʼlim muassasasi xodim va talaba oʻz faoliyati samaradorligini innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish va boshqa yoʻllar bilan doimiy ravishda oshirib boradilar. Oliy taʼlim muassasasi xodim va talaba oʻz navbatida oliy taʼlim muassasasining mulkiga, oʻzining va boshqa shaxslarning vaqtiga masʼuliyat va ehtiyotkorlik bilan yondashadilar.
Oliy taʼlim muassasasi xodim va talaba korrupsiyaning har qanday shakli va koʻrinishini qabul qilmaydilar va uning biror-bir tarzda namoyon boʻlishiga qarshi hamjihatlikda qonuniy choralarni koʻradilar. Xodim, talaba korrupsiyaga qarshi kurashishlari va uning profilaktikasiga faol koʻmaklashishlari, shuningdek, Oliy taʼlim muassasasi korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati va boshqa korrupsiyaga qarshi kurashishga oid hujjatlar talablarini soʻzsiz bajarishlari, oʻz faoliyatlarini oshkora va adolatli amalga oshirishlari, yuqori axloqiy qadriyatlar va prinsiplarga sodiq qolgan holda qonun ustuvorligiga qatʼiy rioya etishlari shart.
Oliy taʼlim muassasasi xodim va talaba oʻz oʻqish va kasbiga mos boʻlgan zamonaviy kiyimda boʻlishlari lozim. Oliy taʼlim muassasasi xodimi va talabasi boʻlgan xotin-qizlari tanani shaffof koʻrsatib turadigan, yelka, koʻkrak va qorin, tizzadan yuqori qismlari ochiq qoladigan hamda haddan ziyod tor kiyimda, shuningdek, quloqchinlar, quloq va barmoqlardan tashqari tananing turli qismlariga turli zirak yoki metall buyumlar bilan, tanasining koʻrinib turadigan qismida pirsing yoki tatuirovkada Oliy taʼlim muassasasiga kelishlari mumkin emas. Talabalar oʻzlari bilan zaruriy oʻquv vositalarini olib kelishlari shart. Xodim va talabalarga professionallikka va tanlagan kasbiga xos tarzda kiyinish targʻib qilinadi. Xodimlar va talabalarning tashqi qiyofasi va kiyimlari ozoda, pokiza boʻlishi lozim. Shuningdek, xodim va talabalarning oliy taʼlim muassasasiga kelishi ruxsat etilgan formasiga qonunchilikda taqiqlangan elementlarni qoʻshishga yoʻl qoʻyilmaydi. Rasmiy tadbirlarda ishtirok etishga jalb qilinganlar belgilangan kiyinish tartibiga amal qilgan holda keladi.
Oliy taʼlim muassasasi xodim va talabalari turli tadbirlar (majlislar, tantanali yigʻilishlar, uchrashuvlar, bayramlar)dagi ishtiroki jarayonida soʻzga chiquvchilarga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlishlari, tadbir davomida tinchlik va osoyishtalikni saqlashlari shart boʻlib, raislik qiluvchi va moderatorning ruxsatisiz luqma tashlash va soʻzga chiqish mumkin emas. Zarurat tugʻilganda, boshqalarga xalaqit bermasdan, nutqlar oʻrtasida majlislar zalidan chiqib-kirish mumkin.
Binolarga kirish va chiqish joylarida, shuningdek, yoʻlaklarda talabalar xodimlarni, erkaklar ayollarni, yoshlar esa kattalarni oʻzlaridan oldin oʻtkazib yuborishlari lozim. Binoga kirayotgan oliy taʼlim muassasasi xodim va talabalari binolarga kirib-chiqishni nazorat qilish uchun tayinlangan masʼul shaxs yoki navbatchiga oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni (ruxsatnoma, talabalik guvohnomasi, pasport va h.k.) ochiq holda koʻrsatishlari yoki maxsus berilgan ID-karta va feys-kontrol orqali turniketlardan (oʻrnatilgan boʻlsa) oʻtishlari shart. Xodim va talabalar Oliy taʼlim muassasasi hududida yoʻlning oʻng tomonidan yurishlari, shuningdek, yoʻlak va xollarda mobil aloqa vositalari orqali baland ovozda gaplashmasliklari kerak. Bir-birlariga duch kelganda salomlashishlari, bunda: talabalar xodimlarga, yoshlar kattalarga birinchi boʻlib salom berishlari tavsiya etiladi.
Oliy taʼlim muassasasi xodim va talabalari tashkilot va muassasalar, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolar bilan oʻzaro munosabatga kirishganda quyidagi rasmiy muloqot meʼyor va qoidalariga amal qilishlari kerak:
oʻz harakatlarini Oliy taʼlim muassasasi manfaatlarini koʻzlab amalga oshirish, uning imijini saqlash va oshirish, Oliy taʼlim muassasasi, uning xodimlari, talabalari nomi va manfaatlariga ziyon yetkazadigan harakatlarni amalga oshirmaslik, shuningdek, ular bilan muloqot qilganda hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi yozishmalarida oʻzlarining namunali xulq-atvori bilan Oliy taʼlim muassasasi haqida yuksak ijobiy taassurot uygʻotish;
Oliy taʼlim muassasasi, uning xodim, talabalari haqida haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan yoki notoʻgʻri talqin qilingan, notoʻgʻri talqin qilish uchun imkon beradigan maʼlumotlarni tarqatmaslik, bunday maʼlumotlar tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, jamoat oldida va ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzuda chiqishlar qilmaslik;
xodim vatalabalarning roziligisiz ularning shaxsiy hayotiga oid maʼlumotlarni oshkor qilmaslik;
xodim va talabalar haqida ularning kasbiy va oʻquv faoliyatiga oid boʻlmagan maʼlumotlarni aniqlashtirmaslik;
xizmat axborotlarini taqdim etish qoidalariga amal qilish;
soʻralgan axborotni yetarlilik (haddan tashqari qisqa shu bilan birga oʻta keragidan ortiq boʻlmagan) va ishonchlilik (qayta tekshirishni talab qilmaydigan) talablariga muvofiq holda taqdim etish;
oʻz xizmat vazifalarini bajarish jarayonida olingan maʼlumotlardan maqsadga muvofiq boʻlmagan tarzda foydalanmaslik, shuningdek, ularni Oliy taʼlim muassasasi rahbariyati ruxsatisiz tarqatmaslik;
xodim va talabalarning taʼlim jarayonidagi faoliyati va kasbiy harakatlarini asossiz tanqid qilmaslik, jamoat oldida chiqishlar, shunindek, ommaviy axborot vositalari va turli xil ijtimoiy tarmoqlarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va Oliy taʼlim muassasasi faoliyati, uning xodimlari harakatlarini haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan, asossiz va aniq dalillarga asoslanmagan holda muhokama qilmaslik va ular haqida baho berib, fikr-mulohazalar bildirmaslik.
Xodim va talabaar dars mashgʻulotlari va ishga oʻz vaqtida kelishlari, mehnat hamda oʻqish intizomiga rioya qilishlari shart.
Talabaning oʻqishiga, xodimning esa Oliy taʼlim muassasasida mehnat faoliyatini yuritishiga toʻsqinlik qiladigan quyidagi gʻayriaxloqiy va nojoʻya xatti-harakatlarni sodir etishi qatʼiyan taqiqlanadi:
har qanday huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etish, jumladan, tuhmat qilish, haqoratlash;
giyohvand moddalar, psixotrop, sintetik vositalar va ularning analoglari, alkogol va tamaki mahsulotlari, vayp, chilim, elektron sigaretlar va sarxush qiluvchi boshqa vosita hamda moddalarni Oliy taʼlim muassasasi hududi va yaqin atrofida isteʼmol qilish va tarqatish;
tinchlik yoki osoyishtalikka qarshi tajovuz qilish, janjallashish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar oʻynash;
Oliy taʼlim muassasasiga moddiy va uning ishchanlik obroʻsiga salbiy taʼsir etuvchi maʼnaviy zarar yetkazish;
Xodim va talabalarga jismoniy, maʼnaviy yoki moddiy zarar yetkazish;
Xodim va talaba yoki boshqa shaxslarning mulkiga, moddiy qimmatliklariga egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish uchun turli koʻrinishda egallab olish, basharti ushbu holat tegishli asoslar bilan oʻz tasdigʻini topsa;
Oliy taʼlim muassasasini, uning atrof-muhitini har qanday koʻrinishda ifloslantirish, yongʻin xavfini keltirib chiqarish;
Oliy taʼlim muassasasi binolari va hovlisida, shuningdek, Oliy taʼlim muassasasi binolariga tutashgan hududda spirtli ichimliklar ichish va tamaki yoxud boshqa turdagi mahsulotlarni chekish hamda mast holda boʻlish, tashqi koʻrinishga va ushbu Qoidalarda belgilangan qoidalarga zid ravishda soch-soqoli oʻsgan, toʻzgʻigan, sochlarini noodatiy bir yoki bir necha ranglarga boʻyalgan va kiyinish talablariga rioya qilmagan holda Oliy taʼlim muassasasiga kelish;
Oliy taʼlim muassasasiga tegishli kompyuterlarda Oliy taʼlim muassasasiga tegishli boʻlmagan maʼlumotlarni, shuningdek, turli kinofilmlar, noqonuniy maʼlumotlar, behayo surat va filmlar, milliy, irqiy, etnik, diniy adovatni targʻib qiluvchi, ekstremistik, separatistik va fundamentalistik kayfiyatdagi har qanday materiallarni tayyorlash, koʻrish, saqlash, tarqatish va ularga daʼvat etish;
oʻquv mashgʻulotlari va ishga hamda xodim va talabalarning osoyishtaligiga xalaqit beradigan xatti-harakatlar sodir etish (radiouzatgich, televizor, multimedia va ovoz chiqaruvchi moslamalardan maqsadsiz foydalanish);
xodimlar va talabalar tomonidan soxta maʼlumot va hujjatlarni taqdim etish;
xodimlar va talabalar tomonidan oliy taʼlim muassasasi hujjatlariga qasddan oʻzgartirish kiritish yoki ularni yoʻq qilish, boʻyash, oʻchirish, qoʻshimcha yozuvlar kiritish yoki zarar yetkazish;
umumbashariy va milliy qadriyatlarga xos boʻlmagan yoki Oliy taʼlim muassasasi, uning xodimlari nufuziga putur yetkazadigan materiallarni Internet tarmogʻi va boshqa ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish yoki ulardan turli nomuvofiq maqsadlarda foydalanish.
Oʻquv jarayoniga oid qoida va talablar buzilishi, jumladan akademik halollik bilan bogʻliq holatlar Oliy taʼlim muassasasining tegishli ichki meʼyoriy hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Xodimlar va talabalar tomonidan Oliy taʼlim muassasasining ishchanlik obroʻsi, qadr-qimmati va nufuzini tushiradigan, taʼlim jarayonining maʼnaviy buzilishiga olib keladigan agressiya, odamlarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan, zoʻrlash va vahshiylik, vandalizm, millatlararo nizo qoʻzgʻatadigan, taʼqiqlangan diniy yoʻnalishdagi, terrorizm, ekstremizm, va fundamentalizm, shuningdek, behayo va ishqiy sahnalarni namoyon qiladigan fotosuratlar, video va audioyozuvlardan foydalanishga va ularning tarqatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa tashkilotlar, shuningdek Oliy taʼlim muassasasi faoliyati, uning xodimlari hamda talabalari shaʼni va qadr-qimmati hamda ishchanlik obroʻsiga salbiy taʼsir qiluvchi haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan, asossiz va tekshirilmagan dalillarga asoslangan turli xil koʻrinishdagi maʼlumot, fikr, mulohaza va munosabatlarni Internet, ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, boshqa ommaviy axborot manbalarida, tarqatuvchilarda, tashuvchilarda paydo boʻlishi (oshkor etilishi) mazkur talabaning oʻqishiga, xodimning esa Oliy taʼlim muassasasida mehnat faoliyatini yuritishiga toʻsqinlik qiladigan gʻayriaxloqiy va nojoʻya xatti-harakat hisoblanadi.
Rahbariyat hamda tarkibiy boʻlinma rahbarlari (keyingi oʻrinlarda – rahbar) oʻziga boʻysunuvchi xodimlarga nisbatan yuqori professionallik, xolislik, soflik va adolatda oʻrnak boʻlishi, oliy taʼlim muassasasi yoxud uning tarkibiy boʻlinmasida ijobiy, maʼnaviy-psixologik muhit shakllanishiga koʻmaklashishi lozim.
Rahbar boʻysunuvchi xodimlardan ularning xizmat vazifalari doirasidan chiquvchi topshiriqlarni bajarishini talab qilmasligi, shuningdek, qonunga xilof xatti-harakatlarni sodir etishga undamasligi kerak. Rahbar oʻz faoliyatida:
kadrlarni qarindoshlik, hamshaharlik yoki shaxsiy sadoqat belgilari boʻyicha tanlash va joy-joyiga qoʻyish va mehnat munosabatlarida kamsitish holatlariga yoʻl qoʻymasligi;
guruhbozlik, mahalliychilik, favoritizmga, shuningdek, oʻz xizmat vazifalarini bajarish jarayonida boshqa salbiy omillarning kelib chiqishiga yoʻl qoʻymasligi;
qoʻpollik qilmasligi, odamlarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, ularga psixologik va jismoniy taʼsir koʻrsatmasligi;
manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish va ularni tartibga solish yuzasidan oʻz vaqtida chora-tadbirlar koʻrishi;
korrupsiyaning oldini olish choralarini koʻrishi;
xodimlarning kasbiy va intellektual jihatdan rivojlanishlari uchun qulay ish joyi, zamonaviy kompyuterlar, internet tarmogʻi, kutubxona fondi va axborot resurslaridan erkin foydalanishlari, hordiq chiqarishlari, dam olishlari, jismonan chiniqishlari uchun barcha sharoitlarni ichki imkoniyatlardan kelib chiqib yaratib berishi;
xodimlar faoliyatini samarali tashkil etib, oʻziga ishonib topshirilgan mulkka va moliyaviy mablagʻlarga ehtiyotkorlik va tejamkorlik bilan munosabatda boʻlishi shart.
Rahbar qoʻl ostidagi xodimlarning mehnat intizomiga rioya qilishlarini talab qilishi va uni taʼminlashga masʼuldir.
Xodim va talabalarning oʻzaro munosabatlari milliy qadriyat va anʼanalar, yagona jamoaviy muhit, oʻzaro hurmat va eʼtibor, doʻstlik, hamjihatlik, halollik va adolat tamoyillariga asoslanishi lozim.
Xodim va talabalarning oʻzaro munosabatlarida inson qadr-qimmatiga hurmatsizlik, shaxsiyatni kamsitish, oʻzganing intellektual mulkini oʻzlashtirib olish, qoʻpollik, behayo soʻzlar ishlatish, mushtlashish qatʼiyan man etiladi.
Pedagog xodimlar tomonidan talabalarga nisbatan oʻquv va tarbiya jarayonidagi yuqori talabchanlik ularning shaxsini hurmat qilish bilan birgalikda amalga oshirilishi kerak.
Pedagog xodimlar oʻquv jarayoni va boshqa holatlarda ham talabalarning shaxsini hurmat qilishi, ular bilan munosabatda ochiqlik va xayrixohlik tamoyillariga amal qilish, talabalarga taʼlim berish jarayonida oʻz vazifalarini begʻaraz amalga oshirishi, talabaga munosabatda ularni kamsitish, qoʻpol soʻz ishlatish, oʻzini yuqori tutish va tanish-bilishchilik kabi yondashuv shakllarini mutlaqo qoʻllamaslik, ularga nisbatan doimo haqqoniy munosabatda va xolis boʻlishlari shart.
Pedagog xodimlar talabalarga ularni qiziqtirgan fan yoki oʻquv kursiga oid masalalar yuzasidan dars jarayonidan tashqari vaqtlarda bergan savollariga ham axloq meʼyorlariga amal qilgan holda javob qaytarishlari va ularni fanga boʻlgan qiziqish va ishtiyoqlarini oshirish choralarini koʻrishlari zarur.
Oliy taʼlim muassasasi hayotida rahbariyat yoki pedagog xodim tomonidan talabalarni ularning roziligisiz muayyan ishlarga jalb etganlik, haq toʻlamasdan ularning mehnat kuchidan foydalanish (oliy taʼlim muassasasi va unga biriktirilgan boshqa hududda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan xavfsizlik standartlariga qatʼiy rioya qilingan holda ixtiyoriy shanbalik va boshqa turdagi tadbirlar tashkil etilgan hollar bundan mustasno) maqsadida ularga murojaat etilganida, talabalar tomonidan bunday soʻrovga rad javobining berilishi pedagog xodim tomonidan kelgusida ularga dars mashgʻulotida past baho qoʻyish yoki boshqa turdagi tazyiq va taʼqib (academic harassment) qilish bilan bogʻliq munosabat koʻrsatilishiga imkon bermaydi va bunday taʼqib qattiq qoralanadi.
Dars mashgʻulotlari vaqtida uyali aloqa vositalaridan foydalanish barcha uchun qatʼiyan taqiqlanadi. Uyali aloqa vositalaridan foydalanishga zarur va uzrli holatlarda pedagog xodimning ruxsati bilangina ruxsat etilishi mumkin.
Talabalarning darsga kech qolib kelishlariga yoʻl qoʻyilmaydi. Lekin uzrli sababga koʻra darsga kech qolgan talaba uzr soʻrab, pedagog xodimning ijozati bilan auditoriyaga kirib oʻz joyini egallashi mumkin.
Pedagog xodim dars mashgʻulotlariga oʻzining nojoʻya harakatlari bilan xalaqit berayotgan talabani yuzaga kelgan vaziyat haqida fakultet dekanini (u oʻz oʻrnida boʻlmaganda dekan oʻrinbosari yoki tyutor-guruh murabbiysini) xabardor qilgan holda darsdan chetlatishi mumkin.
Talaba uchun pedagog xodim bilan dars mashgʻulotlaridan tashqari vaqtda muloqot qilish zarurati boʻlsa, u holda muloqot:
maslahat soatlari, mustaqil ish yoki oʻzaro kelishuv boʻyicha belgilangan vaqtda amalga oshirilishi mumkin;
talaba oʻzi muloqot qilmoqchi boʻlgan pedagog xodimning lavozimi, ismi, otasining ismi va familiyasini bilishi maqsadga muvofiq.
Asoslangan jiddiy sabablar (qoʻpollik, tamagirlik, dars sifatining pastligi, pedagog xodimning aybi bilan mashgʻulotlar oʻtkazilishidagi muntazam uzilish hollarini isbotlovchi dalillar va b.) hamda guruh (kurs)ning yakdil fikri mavjud boʻlgan holatlarda talabalar pedagog xodimni almashtirish haqida iltimos bilan fakultet dekaniga murojaat qilishlari mumkin.
Rahbar xodimlarga xodim va talabalar tomonidan biron-bir masala yuzasidan vujudga kelgan holatlar boʻyicha murojaat qilinishi muayyan tartib (subordinatsiya tamoyili), yaʼni munosabat bildirishdagi rahbariyat boʻgʻinlariga bosqichma-bosqich chiqish asosida tashkil etiladi. Oliy taʼlim muassasasi rektoriga talabalarning toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilish holatlari bundan mustasno.
Xodim va talabalarning oliy taʼlim muassasasida maʼnaviy-axloqiy muhitni yanada yaxshilash, taʼlim sifatini oshirish, innovatsion gʻoyalardan samarali foydalanish, turli xil manfaatli tadbirlar uyushtirish boʻyicha tashabbus va gʻoyalari ragʻbatlantiriladi.
Oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga, ishga kirayotgan shaxslar mazkur Qoidalar bilan yozma ravishda (imzo chektirib) tanishtiriladilar.
Xodim va talabalar:
qonun hujjatlari va mazkur Qoidalar talablariga rioya etishga;
doimo yuksaklikka intilish, halollik va adolat bilan hayot kechirish kabi olijanob fazilatlarni chuqur anglashga;
odob-axloqqa oid milliy anʼanalarimiz, urf-odat va qadriyatlarimizni hurmat qilishga;
oʻz ustilarida doimiy ravishda ishlash va qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini muntazam ravishda oʻrganib borishga;
oʻz vazifalarini vijdonan, professional darajada amalga oshirishga;
oliy taʼlim muassasasi obroʻ-eʼtibori va nufuziga dogʻ tushiradigan har qanday harakatlarni sodir etishdan oʻzini tiyishga;
oliy taʼlim muassasasi toʻgʻrisidagi axborotlardan uning manfaatlari va ishchanlik obroʻsiga ziyon yetkazish maqsadida foydalanmaslikka;
oliy taʼlim muassasasi mulkiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish (koʻchar va koʻchmas mulk, oʻsimlik va hayvonot dunyosiga va b.), shu jumladan, xizmat vazifasini bajarish uchun berilgan moddiy texnika vositalaridan toʻgʻri va tejamkorona foydalanishga;
elektr energiyasi va suvni tejamkorona ishlatishga;
biron-bir noxush voqea yoki hodisa roʻy bersa, u haqda zudlik bilan Oliy taʼlim muassasasi rahbariyatiga xabar berishga;
belgilangan cheklovlar va taqiqlarga rioya qilish, oʻz vazifalarini ogʻishmay bajarishga, xodim va talabalarning shaxsiy va oilaviy muammolarini muhokama qilmaslikka, hech bir shaxs haqida jinsi, irqi, millati, tili, diniy eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va lavozimi haqida hamda boshqa xususiyatlaridan qatʼi nazar notoʻgʻri fikr yuritmaslikka va uni kamsitmaslikka;
xodim va talabalar, shuningdek, boshqa shaxslar haqida turli igʻvo, fitna, gʻiybat va boʻhtonlar uyushtirmaslikka va tarqatmaslikka;
oliy taʼlim muassasasi ishchanlik obroʻsi yoki nufuziga putur yetkazadigan nizoli vaziyatlarga yoʻl qoʻymaslikka;
xodim va talabaning mehnat va oʻquv jarayonidagi saʼy-harakatlariga qasddan ziyon yetkazmaslikka;
xotin-qizlarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakatlar sodir etmaslikka, shilqimlik qilmaslikka, oʻzaro munosabatlarda umumeʼtirof etilgan axloq qoidalarini mensimaslikda ifodalanuvchi behayo soʻzlardan foydalanmaslikka;
davlat organlari va mansabdor shaxslarning, shuningdek, Oliy taʼlim muassasasi rahbariyatining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan (bergan) qarorlarini (topshiriqlarini) oʻz vaqtida va sifatli bajarishga;
shaxsiy foydasi hamda oʻzgalar manfaatini koʻzlab oʻz mavqeini suiisteʼmol qilmaslikka;
haqiqatni gapirishga, rahbarlar va boshqa xodimlarni chalgʻitmaslikka;
mutasaddi xodimlarning ruxsatisiz turli reklama vositalarini oʻrnatmaslikka;
kasbiy faoliyati davomida oʻzlariga maʼlum boʻlgan, ularning oshkor etilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beriladigan axborotning saqlanishi va maxfiyligini taʼminlash yuzasidan barcha choralarni koʻrishga;
sogʻlom turmush tarzini yuritish va atrofdagilarning sogʻligʻini saqlashga gʻamxoʻrlik qilish, estetik va ekologik madaniyatning oshishiga koʻmaklashishga;
tanqidiy mulohazalarni bildirishga va obyektiv qaror qabul qilishga, oʻz xato va kamchiliklarini anglash va bartaraf etishga;
moddiy jihatdan yaxshi taʼminlanganligini turli yoʻllar bilan ataylab koʻz-koʻz qilmaslikka;
Axborot-resurs markazi xodimlari bilan xushmuomala boʻlishga, kitoblar va jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga, u yerda uyali aloqa vositalarini oʻchirib qoʻyish yoki ovozsiz rejimga qoʻyishga, baland ovozda soʻzlashmaslik va atrofdagilarga xalaqit bermaslikka, oziq-ovqat isteʼmol qilmaslik, qogʻoz, saqich va boshqa chiqindilarni qoldirib ketmaslikka, kitoblarni olish va topshirish tartib-qoidalariga rioya qilishga;
sport majmuasiga sport kiyimi va poyabzalida kirishga;
sport inventarlariga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga;
mashgʻulotlardan keyin sport inventarlarini belgilangan joylarga qayta topshirishga;
sport majmuasining belgilangan tartib-qoidalariga rioya qilishga;
oliy taʼlim muassasasi auditoriyalari, binolari va binolarga tutashgan hududda tozalikni saqlashga;
hududni ifloslantirmaslik, chiqindilarni joylarda qoʻyilgan maxsus qutilarga tashlashga;
shaxsiy avtomobilni taqiqlangan joyda qoldirmaslik, yoʻl harakati qoidalarini buzmaslik va mensimaslikka (beparvo boʻlish), shuningdek, transport vositalaridan foydalanishda xavf-xatar yaratmaslikka;
ish (oʻqish)dan tashqari vaqtda umumiy qabul qilingan odob-axloq normalariga rioya etishlari, gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymaslikka majbur.
a) talabalar:
nutq madaniyatini doimiy takomillashtirib borishga;
talabalarning oʻz-oʻzini boshqarish tizimini faol qoʻllab-quvvatlash va mustahkamlash, ijodiy faoliyatni rivojlantirish va jamoaviy madaniyatni oʻstirishga;
pedagog xodim bilan boshqa talabalarning bahosini muhokama qilmaslikka;
yozma ishlarni himoya qilish va reyting nazoratiga doir tartib-qoidani bajarish vaqtida chetdan yordam olmaslik, oʻzgalarga yordam koʻrsatmaslikka;
boshqa shaxslar tomonidan tayyorlangan topshiriqlar yoki yozma ishlarni oʻz nomidan topshirmaslikka;
mashgʻulotlarni sababsiz oʻtkazib yubormaslikka va darslarga sababsiz kechikib kelmaslikka;
oʻquv mashgʻulotlari vaqtida oliy taʼlim muassasasi hududida behuda yurmaslikka;
dars mashgʻulotlari oʻtilayotgan vaqtda fakultet dekanlari, (magistratura boʻlimi boshligʻi)ning ruxsatisiz Oliy taʼlim muassasasi hududidan ketib qolmaslikka;
oliy taʼlim muassasasi xodimlari va oʻqituvchilariga qoʻpollik qilmaslikka, ular bilan tortishmaslikka, agarda ular nohaq boʻlsa tegishli shaxslarga xabar berishga, oʻqituvchilarning shaxsiy hayotiga oid nooʻrin savollar bilan murojaat qilmaslikka, ularga nisbatan adovat saqlamaslikka;
xodim va talaba bilan nizoli vaziyat yuzaga kelganda oʻz hissiyotlarini jilovlashga va mazkur vaziyatni koʻrib chiqish boʻyicha tegishli boʻlinma va xodimlarga (murabbiy (tyutor), dekan, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Talabalar Kengashi) murojaat qilishga;
oʻquv jarayonida faol, eʼtiborli boʻlishga va pedagog xodimning koʻrsatmalariga qatʼiy rioya qilishga;
dars vaqtida gaplashmaslik hamda dars mashgʻulotiga taalluqli boʻlmagan ishlar bilan shugʻullanmaslikka;
jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish, stol va stullarga yozmaslikka;
qogʻoz, saqich va boshqa keraksiz narsalarni auditoriyada qoldirib ketmaslikka;
mashgʻulotlar davomida ovqatlanmaslik, saqich chaynamaslikka, shuningdek, shaxsiy kompyuter va boshqa kommunikatsiya vositalaridan faqat pedagog xodim ruxsati bilan foydalanishga;
pedagog xodimga mashgʻulotlar vaqtida savol yoki iltimos bilan qoʻl koʻtargan holda va ruxsat berilganidan soʻng murojaat qilishga;
umumiy ovqatlanish joylarida taomlarga buyurtma berish va olishda navbat tartibiga hamda belgilangan qoidalarga rioya qilishga;
Talabalar turar joyi Ichki tartib qoidasiga qatʼiy rioya qilishga;
jamoat xavfsizlik manfaatlaridan kelib chiqib, imkon darajasida oliy taʼlim muassasasiga jamoat transportida kelishga;
b) xodimlar:
oʻz xizmat joyidagi tartib-intizomga va Oliy taʼlim muassasasi ichki tartib qoidalariga rioya qilishga;
taʼtildan oldin yoki mehnat shartnomasi bekor qilinganda oʻz xizmat joyini talabga javob beradigan holatda qoldirishga, oʻz zimmasidagi orgtexnika vositalari va boshqa materiallarni, oʻziga topshirilgan, lekin hali yakunlanmagan vazifalarni boshqa shaxsga topshirmaslikka;
telefon orqali muloqot qilishda muomala madaniyati va axborot taqdim etish qoidasiga rioya qilishga (jumladan, suhbatni eng avval rasmiy tarzda salomlashishdan boshlab, soʻng oʻz xizmat muassasasi, lavozimi hamda familiyasi, ismi, sharifini aytib, maqsadga oʻtish lozim, taqdim etilayotgan axborot maksimal qisqa, loʻnda va aniq boʻlishi kerak, soʻralayotgan maʼlumot suhbat jarayonida izlanishi tufayli telefon tarmogʻini band qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, zarurat boʻlsa, qayta qoʻngʻiroqni amalga oshirish mumkin);
yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga;
yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ularni ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlaridan, boshqa turli halokatli tahdidlar hamda biz uchun yot boʻlgan ekstremistik taʼsirlardan, “ommaviy madaniyat” xurujlaridan ogoh etib borishga;
taʼlim oluvchilarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalashda va maʼrifiy ishlarning samarali shakl hamda uslublarini ishlab chiqishga koʻmaklashishga;
oʻz xizmat vazifalarini vijdonan bajarishga shubha tugʻdiradigan xatti-harakatlarni qilmaslikka, talabalar bilan oʻz hamkasblarini kasbiy va shaxsiy kamchiliklarini muhokama qilmaslikka;
dars mashgʻulotlariga kechikib kelgan yoki boshqa sabablarga koʻra talabalarni oʻquv mashgʻulotlaridan chiqarib yubormaslikka, shuningdek, talabaga oliy taʼlim muassasasi talabalar safidan chetlashtirish (kursdan kursga qoldirish) yoki talabaning majburan oʻqishdan voz kechishiga undash bilan qoʻrqitmaslikka, uning asossiz talabalar safidan chetlashtirilishiga (kursdan-kursga qoldirilishiga) olib kelmaslikka;
taʼlim oluvchilarga nisbatan tazyiq oʻtkazish, tegajogʻliq va zoʻravonlik qilish kabi shaʼn va qadr-qimmatini kamsitadigan nojoʻya-xatti harakatlarni sodir etmaslikka;
talabaga nisbatan adovatga bormaslikka;
akademik guruhda (kursda) talabalar xulqining umumiy madaniy holati haqida fakultet dekanlariga kerak boʻlgan hollarda taʼsir choralari koʻrish lozimligi yuzasidan yozma maʼlumot taqdim etish kabi talablarni bajaradilar.
Oʻquv yili davomida mazkur Qoidalarga toʻla rioya qilgan, Oliy taʼlim muassasasida yuksak maʼnaviy-axloqiy muhitning yanada qaror topishi va mustahkamlanishiga oʻz hissasini qoʻshgan xodim va talabalar rahbariyat, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari va boshqa tarkibiy boʻlinma rahbarlari tavsiyasiga binoan belgilangan tartibda moddiy yoki maʼnaviy ragʻbatlantirilishlari mumkin.
Xodimlar tomonidan mazkur Qoidalarga rioya etilishi attestatsiyalar oʻtkazishda, yuqori va boshqa lavozimlarga tayinlash (karyeraviy oʻsish) uchun kadrlar zaxirasini shakllantirishda hisobga olinadi.
Oliy taʼlim muassasasi xodim va talaba tomonidan mazkur Qoidalarda belgilangan tartib-qoidalarning buzilishi uni belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga asos boʻlib xizmat qiladi.
Xodim va talabalar mazkur Qoidalarda belgilangan qoidalarni buzganida, ularga nisbatan oliy taʼlim muassasasi Ichki tartib-qoidalarining VII bobida (Oʻqish intizomini buzganlik uchun javobgarlik) qayd etilgan choralar qoʻllaniladi.
Mazkur Qoidalarda belgilangan normalarning xodim va talabalar tomonidan buzilishiga oid masalalar, qoida tariqasida, Odob-axloq komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilishi mumkin.
Shuningdek, Odob-axloq komissiyasi, qoida tariqasida, oliy taʼlim muassasasi rektorining koʻrsatmasi boʻyicha;
xizmat tekshiruvi natijalariga koʻra;
oʻz tashabbusi bilan;
oliy taʼlim muassasasi xodim va talabalaridan, shuningdek, oliy taʼlim muassasasiga aloqa kanallari orqali kelib tushgan axborot asosida ham ushbu turdagi masalalarni koʻrib chiqishi mumkin.
Odob-axloq komissiyasi kamida 5 kishidan iborat tarkibda tuziladi. Odob-axloq komissiyasining maqsadi, vazifalari, funksiyalari, huquqlari va uning faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq boshqa masalalar oliy taʼlim muassasasi rektori tomonidan tasdiqlangan Odob-axloq komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomda belgilanadi.
Odob-axloq qoidalarining buzilishi holatlarini Odob-axloq komissiyasi tomonidan koʻrib chiqish natijalari boʻyicha intizomiy yoki boshqa tarzdagi qoida buzilishlarining mavjudligi (mavjud emasligi) toʻgʻrisida xulosa chiqariladi. Ayni vaqtda oliy taʼlim muassasasi rektoriga koʻrib chiqishi uchun qoidabuzar xodim va talabani javobgarlikka tortish toʻgʻrisida taklif kiritiladi.
Yoʻl qoʻyilgan qoida buzilishining xususiyatini hisobga olgan holda Odob-axloq komissiyasi xodim va talabaga nisbatan Odob-axloq qoidalarining buzilishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisidagi ogohlantirish bilan cheklanishi mumkin.
Odob-axloq qoidalariga rioya etmagan xodim, talabani intizomiy javobgarlikka tortish boʻyicha buyruq loyihasi fakultet dekanlari va magistratura boʻlimi (talabalarga nisbatan), Xodimlar boʻlimi (xodimlarga nisbatan) tomonidan tayyorlanadi.
Xodim, talabalar oʻzlari yoʻl qoʻygan qoida buzilishi, qoida buzilishining koʻrib chiqilishi jarayoni haqida axborotni olish va oʻzini himoya qilish uchun dalillarni taqdim etish, shuningdek, oliy taʼlim muassasasi qarorlari yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadirlar.
Xodim va talabaning xulq-atvori ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlash maqsadida, mazkur Qoidalarga rioya etmaganlik holatlari Kasaba uyushmasi qoʻmitasi, Xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahat kengashlari va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkilotida (agar mavjud boʻlsa) ham muhokama qilinishi amaliyoti joriy etilishi mumkin.
Mazkur Qoidalar oliy taʼlim muassasasi Kengashi tomonidan tasdiqlanganidan soʻng kuchga kiradi va unga oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritish oliy taʼlim muassasasi Kengashi qaroriga binoan amalga oshiriladi.
2020-yil 23 sentyabr, OʻRQ-637-son.
2021-yil 24-dekabr, PQ-60-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qaroriga 3-ilova
2023-yil 26-iyundagi 4-son